Background
Adabiyotshunoslik

Kichik Lirik Janrlar

Mumtoz adabiyotimizdagi ixcham va sermazmun janrlar olami

7 daqiqa o'qish
R

Ruboiy

Ruboiy – mumtoz adabiy janrlardan biri bo'lib, baytli she'rlar tarkibiga kiradi. Arabchadan tarjima qilganda "ruboiy" so'zi "to'rtlik" degan ma'noni bildiradi. Biroq har qanday to'rt misralik she'rni ruboiy deb atash mumkin emas.

Sharq xalqlarining mumtoz adabiyotida ruboiy janri keng tarqalgan va u faqat hazaj bahrida, uning axrab va axram shajaralarida yaratilgan.

Ruboiy vaznlari qat'iy belgilangan bo'lib, jami 24 turdan iborat: 12 tasi axrab shajarasiga, qolgan 12 tasi esa axram shajarasiga mansub.

Har bir ruboiy ana shu 24 vazndan birida yozilishi shart. Bu hol shoir uchun ma'lum darajada cheklov va qiyinchilik tug'diradi. Biroq ruboiy yaratishni yengillashtiruvchi jihat ham mavjud: to'rt misraning har biri istalgan vaznda yozilishi mumkin.

Shunday qilib, ruboiy bu qat'iy vazn va qofiya qoidalariga bo'ysunadigan, lekin bir vaqtning o'zida shoirga ijodiy erkinlik beradigan mumtoz adabiy janrdir.


T

Tuyuq

Tuyuq – turkiy mumtoz sheʼriyatdagi lirik janr, 4 misrali qofiyali sheʼr boʻlib, asosan soʻz oʻyinlari (tajnis) va bir xil tovushli soʻzlarning turli maʼnolari asosida yaratiladi. U arabiy va forsiy adabiyotda uchramaydi. Bu janrning namunalarini faqat turkiy she'riyatda ko'rish mumkin.

Navoiy Asarlari

Asosiy xususiyatlari:

  • Tuyuq albatta to'rt misradan iborat bo'lishi kerak.
  • Tuyuq misralari ruboiyga o'xshash tarzda qofiyalanadi: a-a-a-a yoki a-a-b-a.
  • Tuyuqda qofiyaga olingan so'zlar tajnisli bo'lishi lozim (so'z o'yini).

Tajnis – badiiy san'atlardan biri bo'lib, lug'aviy jihatdan jinsdosh, ya'ni shakldosh degan ma'noni anglatadi. Tajnis orqali shoir so'zlar o'yini bilan ma'noni chuqurlashtiradi va o'quvchida yanada boy ifoda hosil bo'ladi.


Q

Qit'a

Qit'a – musulmon Sharqi, jumladan o'zbek mumtoz she'riyatining lirik janrlaridan biri. Qit'a mustaqil baytlardan tashkil topganligi uchun g'azalga o'xshash tuyuladi, ammo u g'azaldan kеskin farq qiladigan xususiyatlarga ega:

  • Matla'siz: Baytlarning barchasi ab, db, eb, fb tarzida qofiyalanadi.
  • Hajmi erkin: Eng kamida ikki baytdan tashkil topadi, ba'zan 19 baytgacha.
  • Mavzu erkinligi: Ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta'limiy mavzular.
  • Sarlavha: Ba'zi qit'alarga mazmunni ifodalovchi sarlavha qo'yiladi.

Qit'a yaxlit asar sifatida ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy, axloqiy-ta'limiy va boshqa yo'nalishdagi mavzularga bag'ishlanadi. Umuman olganda, qit'alarda pand-nasihat ruhi ustunlik qiladi.


F

Fard

Fard arabchadan olingan bo'lib, "yakka", "yolg'iz" degan ma'noni bildiradi. Yaqin va O'rta Sharq adabiyotidagi poetik janrdir.

Fardning hajmi bir bayt, ya'ni 2 misradan iborat bo'ladi.

Unda muayyan mazmun va g'oya ilgari suriladi, badiiy umumlashma, hayotiy tajribadan kelib chiqadigan hukm va xulosa ifoda etiladi. Fardda dolzarb, salmoqli falsafiy va axloqiy g'oyalar ifodalanadi.

Uning qisqa va ixcham shakli shoirdan "Ming ma'nini bir nuqta bilan muxtasar etish" (Mashrab) talabini qo'yadi. Shuningdek, fard janri shoirga ijodiy erkinlik beradi va uning ijodiy imkoniyatini kengaytiradi.